Mamlakatimizda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, iqtisodiy samaradorlikni oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Farg'ona viloyatidagi “Quvasoysement” aksiyadorlik jamiyatida ham mazkur yo'nalishda aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda jamiyatning xomashyo qazib olish va qayta ishlash sexida yangi tegirmon ishga tushirildi. Yiliga 300 ming tonna mahsulot tayyorlaydigan mazkur tegirmonda barcha ishlar zamonaviy texnologiyalar ko'magida bajariladi.
- Keyingi yillarda jamiyatimizda yangi texnologik uskunalarni o'rnatish bo'yicha qator ishlar qilindi, – deydi “Quvasoysement” aksiyadorlik jamiyatining texnik direktori Shuhrat Tojiboyev. – Aylanuvchi pechlarning to'rttasi mukammal ta’mirdan chiqarildi. Asosiy yo'nalishlarda chastotali o'zgartirgichlar o'rnatildi. Xomashyo tarkibida temir komponentlari bo'lgan mahsulot tayyorlaydigan zamonaviy texnologiyalar joriy etildi. Bu esa pechlarning har birida unumdorlikni 8-10 foiz oshirish imkonini berdi.
“Quvasoysement” aksiyadorlik jamiyatida eng yuqori markali, sulfatga chidamli portlandsement ishlab chiqariladi. Namligi yuqori, quyi haroratda ham mustahkam qotadigan bu sement neft va gaz quduqlarini yer osti suvlaridan himoyalovchi beton ishlarini bajarishda, doimiy suvosti poydevorlarini bunyod etishda ishlatiladi. Mazkur mahsulot xalq xo'jaligi, qurilish sanoati uchun zarur xomashyo hisoblanadi.
Mahalliylashtirish dasturi asosida ish olib borayotgan sementchilar mavjud texnologiyalar samaradorligini oshirishga harakat qilmoqda.
- Mahsulotlarimizning sifat darajasini aniqlash uchun Buyuk Britaniya laboratoriyalarida sinovdan o'tkazdik, – deydi jamiyat boshqaruvi raisi S.Deneshuk. – Natijalarga ko'ra, korxonaga Yevropa Ittifoqining BS EN 197-1:2000 raqamli muvofiqlik sertifikati berildi. Shu tariqa mahsulotlarimiz eksporti uchun dunyoning barcha mamlakatlariga yo'l ochildi.
Tashib keltirilayotgan xomashyoni aniq hisob-kitob qilish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotni mijozga bekamu ko'st yetkazib berish maqsadida zamonaviy transport vositalari keltirildi, temiryo'l, elektron tarozilar, aylanma pechlardagi haroratni nazorat qilish uchun gaz o'lchagichlar o'rnatildi.
Jamiyatda yangi tarmoq va yo'nalishlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkent viloyatining Yangiyo'l shahrida xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda jamiyatning yangi tegirmon majmuasi barpo etilmoqda. Qurilish-montaj ishlarini yil oxirigacha tamomlash rejalashtirilgan.
Mazkur jamiyatda 1850 nafar ishchi-xizmatchi mehnat qiladi. Jahon iqtisodiy inqirozi bois ko'plab mamlakatlardagi yirik kompaniyalarda ishlab chiqarish sur’ati pasayib, ish o'rinlari va ish haqi qisqarib borayotgan bir paytda bu yerda oylik maosh yil boshidan beri 15 foiz oshirildi.
Ayni paytda jamiyat ishchi-xizmatchilarining mehnatini rag'batlantirish, ularning salomatligini tiklash, ijtimoiy himoyalashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Korxonaga qarashli “Rohat” profilaktoriysi to'liq ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan ta’minlandi. Bu yerda yiliga 1500 ishchi-xizmatchi va ularning oila a’zolari dam olib, salomatligini tiklashi mumkin.
Profilaktoriyda yozgi bolalar oromgohi tashkil etilgan. Bu yerda kichkintoylarning miriqib dam olishlari uchun barcha sharoit yaratib berilgan. Mavsum davomida oromgohda mingga yaqin bola hordiq chiqaradi. Ayni paytda ularning ta’til kunlari qiziqarli kechishi uchun turli ko'ngilochar tadbirlar, qiziqarli uchrashuvlar o'tkazilmoqda.