Yangiyo'l ijtimoiy-iqtisodiyot kollejining ilk bitiruvchilariga diplomlar topshirildi. Tadbirda tegishli idora va tashkilotlar vakillari, ota-onalar ishtirok etdi.
Tadbirda so'zga chiqqanlar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda yosh avlod kamoloti yo'lida beqiyos imkoniyatlar yaratilganini alohida ta’kidladi. Mazkur kollej ham buning yorqin misolidir.
Uch yil muqaddam tashkil etilgan ushbu bilim dargohida o'quvchilarning zamon talablari darajasida ta’lim olishi, kasb-hunar o'rganishi, sport bilan shug'ullanishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. 540 o'rinli mazkur kollejda bank ishi, moliya, boshlang'ich ta’lim, huquq va ijtimoiy muhofaza yo'nalishlari bo'yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan sport zali, boy kitob fondiga ega bo'lgan axborot-resurs markazi o'quvchilar ixtiyoriga berilgan.
- Bu yil kollejimizni 236 nafar yigit-qiz bitirdi, – deydi kollej direktorining o'rinbosari Farhod Nodirov. – Ularni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Tumanimizdagi qator korxona, tashkilot va muassasalar bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq, bitiruvchilarning 90 foizga yaqini ish bilan ta’minlanadi. Qolganlar oliy o'quv yurtlarida tahsilni davom ettirish niyatida ekanini bildirgan.
- Kollejni buxgalteriya yo'nalishi bo'yicha imtiyozli diplom bilan tugatdim, – deydi Shahzod Yo'ldoshev. – Kelgusida iqtisodiyot yo'nalishi bo'yicha bilimimni takomillashtirib, yurtimizning iqtisodiy salohiyatini oshirishga o'z hissamni qo'shish orzusidaman.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari, Xotin-qizlar qo'mitasi raisi F.Akbarova ishtirok etdi.