Rektor tabrigi

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan institut rektorining

BAYRAM TABRIGI

 Qadrli opa-singillar, hurmatli hamkasblar!

Dilbar talaba qizlarim !

Siz azizlarni ona tabiat tobora yashil libosga burkanib, ko‘ngillarga bahor nashidasini olib kirayotgan shu fusunkor damlarda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan chin qalbimdan tabriklashdan baxtiyorman. Zero, bu kun o‘z ish va o‘qish joyida, oilasi va mahallasida fidoyilik bilan yashab-ishlayotgan jondan aziz onalarimizni, opa-singillarimizni, uy bekalarimizni va lobar qizlarimizni butun dunyoda keng nishonlanayotgan Xalqaro bayram bilan chin dildan qutlaydigan unutilmas kundir.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda YAratganning mo‘‘jizasi bo‘lmish ayol zotiga e’tibor yanada kuchaydi, hurmat-ehtirom oshdi. Tengsiz latofat va nafosat sohibasi, xonadonlarimizning fayzu farishtasi bo‘lgan Siz azizlar bunday yuksak e’zoz va ehtiromni o‘zingiz o‘qib, mehnat qilayotgan ko‘p ming kishilik oliygohimiz faoliyati misolida ham yaqqol ko‘rib turibsiz. Jamoada har biringizning samarali mehnatingiz qadrlanib, munosib taqdirlanayotganiga o‘zingiz guvohsiz.

Bugungi kunda jamoamizda faoliyat ko‘rsatayotgan ayollarning 6 nafari fan nomzodi. Kafedra mudiri, bo‘lim boshliqlari, fakultet dekani kabi lavozimlar Sizdek ulug‘ insonlarga ishonib topshirilgan. Orangizda “SHuhrat ” medali sohibalari, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni hamda “Zulfiyaxonim qizlari” kabi mukofot sovrindorlari bor. Oliygohimizda safi tobora oshib borayotgan talaba qizlarning o‘qish va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki barchamizni mamnun etmoqda. SHu o‘rinda joriy o‘quv yilining boshida Germaniyaning Bat-kisingi shahrida SHarq yakka kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan Binolar va muxandislik inshootlari injiniringi fakultetining talabasi Barno Qo‘shbaqovaning muvaffaqiyatlarini alohida ta’kidlamoqchiman. SHu fakultetning 3 bosqich talabasi “Kamolot” stipendiyasi sohibasi Aziza Ochilova esa 2016 yilning aprel oyida tezkor shaxmat bo‘yicha Toshkentda bo‘lib o‘tgan turnirda Respublika chempioni bo‘ldi.

Aziz hamkasblar !

Lobar talaba qizlarim !

Institutimiz xotin-qizlarining barcha havas qiladigan shunday g‘alabalari Respublika rahbariyatining sizlardek aziz xotin-qizlarimizga ko‘rsatayotgan doimiy g‘amxo‘rliklari, barcha ta’lim muassasalarida yosh avlodni tarbiyalash ishida ayolning o‘rniga beqiyos e’tibor berilayotganligining amaldagi ifodasidir. O‘z navbatida institut rahbariyati Siz azizlarning ish va ta’lim olish hamda ilmiy izlanishlaringiz uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, iqtidorli xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ko‘rayapti. Biz sizlarning tashabbuslaringiz bilan xotin-qizlarning faol ishtirokida ko‘plab ilmiy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbirlar uyushtirilayotganini yuksak qadrlaymiz. SHunday ibratli tadbirlarning faol tashkilotchilarini taqdirlash, rag‘batlantirish esa jamoamizda an’anaga aylanganidan hammamiz hursandmiz.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi har yili institutimizda o‘tkazilayotgan “Ayol – ma’naviyat gulshani” respublika ilmiy-amaliy konferensiyani 2017 yildan e’tiboran “O‘zbekiston Ayollarining fan, ta’lim, madaniyat va biznes sohasidagi yutuqlari” mavzusida Xalqaro miqyosda chaqiriladigan anjumanga aylantirish haqidagi taklifimizni ma’qulladi. Bu e’tibor oliygohimizga, jumladan jamoamizda barcha sohada fidoyilik bilan ishlayotgan Siz xotin-qizlarimizga bildirilgan yuksak ishonchdir.

Qadrli opa-singillar !

Bahor elchisi sifatida o‘lkamizga kirib kelayotgan, tabiatning shu go‘zal va maftunkor onlarida nishonlanayotgan qutlug‘ bayramingiz bilan yana bir bor qutlayman.

Ilm-fan sohasidagi ijodiy izlanishlaringizga omad tilayman. Barcha ezgu niyatlaringiz amalga oshsin.

Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Bahoriy bayramingiz muborak bo‘lsin!

 Alisher USMANQULOV,

institut rektori.

interaktiv xizmatlar