Oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish, talabalar o'qishini ko'chirish, qayta tiklash va o'qishdan chetlashtirish tartibi to'g'risidagi nizomlarni tasdiqlash to'g'risidagi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
1. Ushbu Nizom “Ta’lim to‘g‘risida” va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibini belgilaydi. Ushbu Nizom harbiy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi. 2. Oliy ta’lim muassasalari qabulni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiradilar. 3. Oliy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalari doirasida hamda qabul kvotalaridan tashqari abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish Davlat komissiyasi tomonidan mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Oliy ta’lim muassasalariga qabul barcha uchun (ham grantlar, ham to‘lov-kontrakt bo‘yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abituriyentlar test ballari reytingi asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar. Tanlov har bir oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari, o‘qitish tillari va shakllariga ko‘ra alohida o‘tkaziladi. Ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha hududlar kesimida maqsadli qabul kvotalari tasdiqlangan taqdirda, tanlov har bir hudud bo‘yicha alohida o‘tkaziladi. Maqsadli qabul tanlovida qatnashib davlat granti asosida qabul qilinmagan abituriyentlar mazkur ta’lim yo‘nalishida to‘plagan test ballari bilan umumiy to‘lov-kontrakt doirasidagi tanlovda ishtirok etadi. Test sinovlarini o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda Davlat test markazi deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari joylarda test sinovlarini o‘tkazish uchun zarur sharoitlarni ta’minlaydilar. 4. Test sinovlari uch tilda — o‘zbek, rus, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi oliy ta’lim muassasalarida qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladi. Oliy ta’lim muassasasida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish tili, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalari doirasida hujjatlar qabul qilinishiga qadar vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Abituriyent test sinovlarini va kasbiy (ijodiy) imtihonni oliy ta’lim muassasasida o‘qiydigan tilda topshiradi. Bunda o‘zbek guruhlariga hujjat topshirgan abituriyent o‘z arizasiga asosan test sinovlarini o‘zbek tilida lotin yoki kirill alifbosida topshirish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va test bo‘yicha ularga muvofiq keluvchi fanlar majmuasi Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Abituriyent chet tillar sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan biri bo‘yicha test sinovi topshiradi. Abituriyent o‘qigan chet tilidan qat’i nazar, xohlagan (ingliz, nemis, fransuz) chet tilidan test topshirishi mumkin. Agar umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasida ingliz, nemis yoki fransuz tillari o‘tilmasdan boshqa chet tillari o‘qitilgan holda, shu chet tilidan test sinovi o‘rniga ko‘p balli tizim bo‘yicha imtihon topshiriladi. Oliy ta’limning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari bilan bir qatorda qo‘shimcha kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar takliflari asosida Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. 5. Ayrim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida olib boriladigan ta’lim yo‘nalishlariga qabul ko‘p balli tizim bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar va test sinovlari asosida amalga oshiriladi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu ta’lim yo‘nalishlariga arizalar ko‘rsatilgan tillarda o‘rta ta’lim muassasasini tugatgan abituriyentlar yoki ko‘rsatilgan tillarda umumiy o‘rta ta’lim muassasasini tugatib, akademik litsey (kasb-hunar kolleji) diplomiga ega bo‘lgan abituriyentlardan qabul qilinadi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar, ko‘p balli imtihon baholari va Davlat komissiyasi tasdiqlagan test sinovlari natijalarining umumiy yig‘indisi shaxsan oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan tasdiqlanadi. 6. Umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tilini (ingliz, nemis va fransuz tillari o‘qitilmagan holda) chet tili sifatida o‘qigan abituriyentlar mazkur tildan ko‘p balli baho tizimi bo‘yicha imtihon topshiradilar, qolgan fanlar bo‘yicha esa test sinovlaridan o‘tadilar. Umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tili bilan birgalikda ingliz, nemis va fransuz tillari ham o‘qitilgan holda (ushbu fanlar abituriyent diplomi ilovasida (attestatida) mavjud bo‘lganda) abituriyent arizasiga asosan u chet tilini test shaklida yoki ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tilidan ko‘p balli baho tizimi bo‘yicha imtihon topshiradi. Mazkur qoida roman-german filologiyasi (ingliz, nemis va fransuz filologiyasi) yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kiradigan abituriyentlarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tili bo‘yicha fan dasturi va baholash mezonlari ushbu tillar o‘qitiladigan tayanch oliy ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqilib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi va joriy etiladi. 7. Oliy ta’lim muassasalarida kasbiy (ijodiy) va ko‘p balli imtihonlarni o‘tkazish 1 va 2-ilovalarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 8. Oliy ta’lim muassasalariga ko‘zi ojiz abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish 3-ilovada belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 9. Respublika tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan 3 yillik “Oliy hamshiralik ishi” ta’lim yo‘nalishiga qabul faqat o‘rta maxsus, kasb-hunar tibbiy ma’lumot (hamshiralik, akusherlik ishi va feldsherlik) negizida amalga oshiriladi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha test sinovlari bilan bir qatorda qo‘shimcha kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi. 10. Oliy ta’lim muassasalari tarkibida tashkil etilgan maxsus sirtqi bo‘limning ta’lim yo‘nalishlariga qabul faqat tegishli yoki turdosh ta’lim yo‘nalishiga muvofiq o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga hamda kamida uch yil amaliy ish stajiga ega bo‘lgan, ishlab turgan sohadan tavsiyanoma berilgan kadrlar hisobidan amalga oshiriladi. Oliy ta’lim muassasalari tarkibida hududlar kesimida maqsadli qabul kvotalari tasdiqlangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul faqat tegishli hududda yashayotgan va hududning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari tomonidan berilgan diplomga ega bo‘lgan abituriyentlar hisobidan amalga oshiriladi. Oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga va magistraturasiga qabul qilish tartiblari bilan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori Oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish, talabalar o'qishini ko'chirish, qayta tiklash va o'qishdan chetlashtirish tartibi to'g'risidagi nizomlarni tasdiqlash to'g'risida Oliy taʼlim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimni tashkil etish tartibi 1. Ushbu Nizom “Taʼlim toʻgʻrisida” va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017 yil 27 iyuldagi PQ-3153-son hamda “Oliy taʼlim muassasalarida pedagogika yoʻnalishida maxsus sirtqi boʻlimlarni tashkil etish toʻgʻrisida” 2017 yil 9 avgustdagi PQ-3183-son qarorlari asosida oliy taʼlim muassasasida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimni (keyingi oʻrinlarda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim deb ataladi) tashkil etish tartibini belgilaydi. 2. Oliy taʼlim muassasalarida sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalariga muvofiq tashkil etiladi. 3. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim quyidagi shakllarda olib boriladi: sirtqi shakl, maxsus sirtqi shakl, ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumot berishning sirtqi shakli. 4. Ushbu Nizom sogʻliqni saqlash, taʼlim sohasi va harbiy oliy taʼlim muassasalariga tatbiq etilmaydi. 5. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimga talabalarni qabul qilish: sirtqi shaklda — umumiy oʻrta (10-11-sinflar negizida), oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumoti toʻgʻrisidagi tegishli hujjatga ega boʻlgan va test sinovlaridan (kirish imtihonlaridan) muvaffaqiyatli oʻtgan; maxsus sirtqi shaklda — faqat tegishli yoki turdosh taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga va taʼlim yoʻnalishiga muvofiq soha, kasb, lavozimlarda kamida uch yillik amaliy ish stajiga (pedagogika yoʻnalishlari uchun pedagogik stajga) ega boʻlgan, tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega, test sinovlaridan (kirish imtihonlari yoki kasbiy suhbatdan) muvaffaqiyatli oʻtgan; ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumot berishning sirtqi shaklda — oliy maʼlumotga ega boʻlgan (agar xorijiy oliy taʼlim muassasasini tugatgan boʻlsa, oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjati belgilangan tartibda tan olingan (nostrifikatsiya qilishgan) boʻlishi kerak) va test sinovlaridan (kirish imtihonlaridan yoki kasbiy suhbatdan) muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlar hisobidan amalga oshiriladi. 6. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimga talabalarni qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi. 7. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oʻqish muddati: sirtqi shaklda — kamida 5 yil; maxsus sirtqi shaklda — kamida 3 yil; ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim negizidagi sirtqi shaklda — kamida 3 yil. Bunda, oʻqish oʻquv rejalaridagi fanlar farqidan qatʼi nazar, bakalavriat taʼlim yoʻnalishining 2-kursidan boshlanadi. 8. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabalariga talabalik guvohnomasi va reyting daftarchasi bepul beriladi. 9. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabalarini oʻquv adabiyotlar va materiallar bilan oliy taʼlim muassasasi taʼminlaydi va bilim olish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabalari oliy taʼlim muassasasining barcha oʻquv jihozlari, auditoriyasi, laboratoriyasi, kutubxonasi, axborot-resurs markazlari hamda oʻquv-yordamchi tuzilmalari xizmatidan bepul foydalanadi. 10. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oʻqish boʻyicha oliy taʼlim yoʻnalishlariga qarab bir oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan talabalar soni nisbati 1:20 etib belgilanadi. Taʼlim sohalari bloklari va shakllari boʻyicha bir nafar oʻqituvchi hisobiga toʻgʻri keladigan talabalar soni nisbatining normativlari qonun hujjatlari asosida belgilanadi. 11. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabalarini talabalar safidan chetlashtirish va oʻqishini qayta tiklash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi. 12. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimdan kunduzgi taʼlimga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimning bir taʼlim sohasidan ikkinchisiga koʻchirishga yoʻl qoʻyilmaydi. 13. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oʻquv jarayoni taʼlim sohalarining davlat taʼlim standartlari va tegishli taʼlim yoʻnalishlari malaka talablari asosida tayyorlangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan kunduzgi taʼlim uchun tasdiqlangan oʻquv rejasi va fan dasturlari asosida tashkil etiladi. 14. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda taʼlim yoʻnalishlarining ishchi oʻquv rejasi va fan dasturlari belgilangan tartibda tasdiqlangan oʻquv rejasi va fan dasturlari asosida ishlab chiqiladi hamda tayanch oliy taʼlim muassasalari bilan kelishgan holda tasdiqlanadi. 15. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oʻquv jarayoni jadvali belgilangan tartibda tasdiqlangan oʻquv rejasi asosida ishlab chiqilgan ishchi oʻquv rejasida qayd etiladi. 16. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabasi uchun oʻqishga qabul qilingan oʻquv yili boshida (odatda, sentyabr-oktyabr oylarida) bevosita oliy taʼlim muassasasida 10 kunlik oʻquv jarayoni bilan dastlabki tanishtiruv hamda semestr davomida oʻqitiladigan fanlar boʻyicha qisqacha (ishchi oʻquv rejasida belgilangan hajmda) maʼruza, amaliy, laboratoriya va seminar mashgʻulotlari oʻtkaziladi. Talabalarga mavzular boʻyicha topshiriqlar va ularni bajarish yuzasidan metodik koʻrsatmalar beriladi. 17. Oʻquv sessiyasigacha boʻlgan muddatda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oʻqish mustaqil, jumladan, masofadan turib taʼlim olish shaklida amalga oshiriladi. Bunda talaba metodik koʻrsatmalardan foydalangan holda ishchi oʻquv rejada semestr uchun rejalashtirilgan fanlarning dasturlarida belgilangan mavzularni mustaqil oʻzlashtiradi. 18. Talaba fan boʻyicha topshiriqlarni bajargandan soʻng, uni fan oʻqituvchisiga belgilangan muddatlarda (odatda, masofadan turib Internet orqali) yuboradi hamda qayddan oʻtkazadi. Fan oʻqituvchisi talaba yuborgan materiallarni tekshirib, oraliq ishi sifatida baholaydi. Fan oʻqituvchisi mavzular boʻyicha navbatdagi topshiriqlar va koʻrsatmalarni yuborishi, shuningdek, on-layn rejimida oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazishi mumkin. 19. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabasi har bir semestr davomida bir marta oliy taʼlim muassasasiga oʻquv sessiyasiga chaqiriladi. Buning uchun unga oʻquv sessiyasi boshlanishiga qadar (kamida 10 kun oldin) belgilangan shaklda xabarnoma yuboriladi. 20. Oʻquv sessiyasi davomida: talaba semestr uchun berilgan topshiriqlarni himoya qiladi. Fan boʻyicha barcha topshiriqlar ijobiy baholangan taqdirda talabaga fan boʻyicha yakuniy baholashga kirish huquqi beriladi; fanlar boʻyicha yakuniy baholashlar oʻtkaziladi; navbatdagi semestr davomida oʻqitiladigan fanlar qisqacha (ishchi oʻquv rejasida belgilangan hajmda) maʼruza, amaliy, laboratoriya va seminar mashgʻulotlari orqali tanishtiriladi. Ushbu mashgʻulotlar talabaga navbatdagi semestr davomida fanlarni oʻzlashtirishi va topshiriqlarni bajarishi uchun asosiy va qoʻshimcha adabiyotlar bilan ishlash usullari va texnologiyalarini oʻrgatishga qaratiladi. Mavzular boʻyicha topshiriqlar bilan ularni bajarish yuzasidan metodik koʻrsatmalar beriladi. 21. Oʻquv sessiyasi davomida oʻtkaziladigan maʼruza, amaliy, laboratoriya va seminar mashgʻulotlarida ilgʻor usul va texnologiyalardan (jumladan, muammoli, interaktiv, ijodiy faoliyatni rivojlantirish, ijodiy vazifalarni guruh boʻlib hal etish, hamkorlik pedagogikasi, tabaqalashtirish, individuallashtirish va boshqalardan) foydalaniladi. 22. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda talaba tasdiqlangan ishchi oʻquv rejasidagi barcha oʻquv fanlarini oʻzlashtirishi shart. Talabalar bilimini baholash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 23. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oraliq va yakuniy baholash turlari joriy qilinadi. Oraliq baholashning mazmuni, uni bajarish usul va tartiblari hamda soni (bir oʻquv semestri davomida ikki martagacha) har bir fan boʻyicha sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim uchun tayyorlangan ishchi fan dasturlarida belgilab beriladi va quyidagi mustaqil ish turlaridan iborat boʻladi: kurs (loyihasi) ishi; nazorat savollari va topshiriqlari; test-sinov savollari; keyslar, mashqlar, misol va masalalar; tajriba natijalari; ishlab chiqarish muammolarini hal etishga yoʻnaltirilgan maxsus metodik ishlanmalar va tavsiyalar; hisob-jadval ishlari va boshqalar. Oraliq baholash masofaviy aloqa orqali on-layn rejimida oʻtkazilishi ham mumkin. 24. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabalarining malakaviy amaliyotlari ishchi oʻquv rejasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Odatda, bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyotidan boshqa amaliyotlar (taʼlim yoʻnalishiga mos boʻlgan holda) talabaning ishlab turgan ish joyida mustaqil ravishda oʻtkaziladi. Bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyoti talabaning ish joyi taʼlim yoʻnalishiga mos boʻlmagan holda, shuningdek, ishlamayotgan talabalar uchun barcha malakaviy amaliyotlar oliy taʼlim muassasasi tomonidan belgilangan obyektda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Malakaviy amaliyotlarning hisobotlari oʻquv sessiyasi davrida belgilangan tartibda himoya qilinadi. 25. Muayyan kursdagi fanlarni toʻliq oʻzlashtirgan talaba oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi bilan keyingi kursga oʻtkaziladi. 26. Uzrli sabablar (kasallik, tabiiy ofat, xizmat safari, ogʻir oilaviy ahvol va boshqalar) tufayli muayyan kursdagi fanlarni belgilangan muddatlarda oʻzlashtira olmagan talabalarga muddati qoʻyilgan shaxsiy jadval beriladi. Shaxsiy jadval tegishli prorektor tomonidan tasdiqlanadi va undagi muddat navbatdagi oʻquv yiliga oʻtmasligi lozim. Shaxsiy jadvalni belgilangan muddatda bajara olmagan talaba qayta oʻqish uchun kursda qoldiriladi. Talaba birinchi kursning birinchi semestridagi akademik qarzdorlikni belgilangan muddatda bartaraf etmagan taqdirda, talabalar safidan chetlashtiriladi, kasallik tufayli akademik taʼtil berilgan holatlar bundan mustasno. 27. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda har bir talaba uchun shaxsiy varaqa ochiladi hamda unda oliy taʼlim muassasasidagi faoliyatining toʻliq monitoringi yuritilib, quyidagi maʼlumotlar aks ettiriladi: oraliq ishlarining bajarilishi; oraliq va yakuniy baholashlar natijalari; davlat attestatsiyasi baholari; bitiruv malakaviy ishi boʻyicha baho; kursdan kursga oʻtganligi. 28. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda masofadan turib oʻqitish talabalarning asosiy ish joyidan ajralmagan holda oʻquv rejasidagi barcha fan dasturlarida belgilangan bilimlarni mustaqil masofadan turib oʻzlashtirish asosida amalga oshirilishi mumkin. 29. Masofadan turib oʻqitish on-layn (masofadan turib real vaqt rejimida video maʼruzalar, konsultatsiyalar, nazorat turlarini oʻtkazish) va off-layn (masofadan turib oʻqitish tizimidagi tegishli oʻquv-metodik resurslarni mustaqil ravishda oʻzlashtirish) rejimlarida tashkil etiladi. 30. Masofadan turib oʻqitish jadvali sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlim boshligʻi tomonidan belgilanadi. 31. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda masofadan turib oʻqitish elementlaridan foydalanganda oʻquv kurslarining sifati va samaradorligining doimiy nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Masofadan turib oʻqitishning texnik taʼminoti oliy taʼlim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi. 32. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda masofadan turib oʻqitish elementlarini joriy etish dasturiy platformasi, reglamenti va tartiblari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi. 33. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda taʼlim faoliyatini amalga oshiruvchi kafedralar professor-oʻqituvchilari masofadan turib oʻqitishda oʻquv materiallari, topshiriqlar va maslahat-konsultativ ishlarni oliy taʼlim muassasasi saytidagi “Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim” sahifasiga joylashtiradi va ularning bajarilishini nazorat qilib boradi. Masofadan turib oʻqitish elementlaridan foydalangan xolda taʼlim beruvchi professor-oʻqituvchilar uchun oʻquv yuklamasi belgilangan tartibda belgilanadi. 34. Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi, sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlim boshligʻi va tegishli kafedra mudiri masofadan turib oʻqitishni taʼminlaydi. Masofadan turib oʻqitishda oʻquv-metodik jarayonni takomillashtirish va ilmiy-metodik masalalar oliy taʼlim muassasasi oʻquv-metodik kengashi yigʻilishida muhokama qilib boriladi. 35. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda davlat attestatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi. Davlat attestatsiyalari oʻquv rejasida koʻrsatilgan fan (fanlar majmuasi) boʻyicha oʻtkaziladi. 36. Oʻquv rejasida bitiruv malakaviy ishini bajarish nazarda tutilgan taqdirda, bitiruv malakaviy ishi oliy taʼlim muassasasi bakalavriatida oʻqitishning yakuniy bosqichi hisoblanadi va sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda bitiruv malakaviy ishi mavzusi va mazmuni asosan talabalarning amaliy faoliyati bilan bogʻliq holda shakllantiriladi. 37. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda taʼlim yoʻnalishi ishchi oʻquv rejasini toʻliq bajargan, yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchiga Davlat attestatsiya komissiyasining qarori asosida “bakalavr” darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi bakalavr diplomi ilovasi bilan beriladi. 38. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabalariga oʻquv sessiyasida ishtirok etish uchun ishlab turgan joyidan kamida 30 kalendar kunlik oʻrtacha oylik maoshi saqlangan qoʻshimcha taʼtil beriladi. Kursda qoldirilgan talabalarga esa haq toʻlanmaydigan taklif xabarnomasi beriladi. 39. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim bitiruvchisiga yakuniy davlat attestatsiyalaridan oʻtish, bitiruv malakaviy ishini himoya qilish uchun taʼlim yoʻnalishi oʻquv rejasi va jadvalida belgilangan muddatlarda ishlab turgan joyidan kamida 30 kalendar kunlik oʻrtacha maoshi saqlangan qoʻshimcha taʼtil beriladi. 40. Bitiruv malakaviy ishini yakunlash davrida bitiruvchi xizmat qilayotgan muassasa unga 30 kalendar kunlik maoshi saqlanmagan qoʻshimcha taʼtil berishi mumkin. Talaba ish joyidan tashkilot rahbari va buxgalteri imzosi bilan shu davr uchun haq toʻlanmaydigan taʼtilda ekanligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani Sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlimga taqdim etadi. 41. Bitiruv malakaviy ishining yakunlanganligi toʻgʻrisida uning himoyasi belgilangan kundan bir hafta muddat avval sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlim boshligʻi va mutaxassis tayyorlovchi kafedra mudiri nomiga bildirgi yoziladi va tegishli hujjatda qayd qilinadi. Bildirgi talaba yoki uning ilmiy rahbari tomonidan berilishi mumkin. 42. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim mavjud boʻlgan oliy taʼlim muassasalarida boʻlim boshligʻi va oʻquv-metodik ishlar boʻyicha metodist lavozimlaridan iborat boʻlgan Sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlim tashkil etiladi. Bunda boʻlim shtat jadvali dekanatlar uchun belgilangan normativlarga muvofiq shakllantiriladi. 43. Sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlimni oliy taʼlim muassasasi fakultetining dekani maqomiga tenglashtirilgan boshliq boshqaradi. Boʻlim boshligʻi: sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimni rivojlantirish dasturini ishlab chiqadi; talabalarning malakaviy amaliyotlarini tashkil qilish boʻyicha ish beruvchilar bilan shartnomalar tuzadi; oʻqitishning yangi texnologiyalari tatbiq qilinishini va talabalar oʻzlashtirishi nazorat qilinishini taʼminlaydi; talabalarning bitiruv malakaviy ishlari mavzularini muvofiqlashtiradi va tasdiqlaydi; talabalar bilan oʻquv va tarbiyaviy ishlar olib borish samaradorligini oshirish choralarini koʻradi; mehnat muhofazasi, texnika va yongʻin xavfsizligi boʻyicha tadbirlarni, boʻlim xodimlarining ichki tartib va mehnat intizomi qoidalariga rioya qilishini tashkil etadi; oʻquv jarayonini taʼminlaydigan professor-oʻqituvchilarning oʻquv-metodik, ilmiy ishlarini rejalashtiradi, tashkil etadi va muvofiqlashtiradi; oliy taʼlim muassasasi ilmiy kengashi majlislarida, rektoratda, fakultet va kafedralarda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim manfaatlarini oʻz vakolati doirasida himoya qiladi va amalga oshiradi; talabalarning kurs ishi va bitiruv malakaviy ishlariga rahbarlik qilish uchun sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oʻquv jarayonini taʼminlaydigan professor-oʻqituvchilarni taqsimlaydi; Sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlimning oliy taʼlim muassasasining boshqa tuzilmalari bilan oʻzaro aloqasini taʼminlaydi. 44. Sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlim maʼmuriy boshqaruv jihatdan oliy taʼlim muassasasi rektoriga hamda oʻquv va ilmiy-metodik ishlar yuzasidan oliy taʼlim muassasasining oʻquv va ilmiy ishlar boʻyicha prorektorlariga boʻysunadi. 45. Sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlimni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari (toʻlov-kontrakt mablagʻlari) hisobidan amalga oshiriladi. 46. Sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlim faoliyati har bir oʻquv semestri oxirida tegishli fakultetlar oʻquv-metodik kengashida va oʻquv yili yakunida oliy taʼlim muassasasi kengashida muhokama etiladi. 47. Ushbu Nizomda qayd etilgan masalalar yuzasidan kelib chiqadigan nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi. Oliy taʼlim muassasasida kechki (smenali) taʼlimni tashkil etish tartibi 1. Ushbu Nizom “Taʼlim toʻgʻrisida” va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017 yil 27 iyuldagi PQ-3153-son qarori asosida oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kechki (smenali) taʼlimni tashkil etish tartibini belgilaydi. 2. Oliy taʼlim muassasalarida kechki (smenali) taʼlim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalariga muvofiq tashkil etiladi. 3. Ushbu Nizom sogʻliqni saqlash, taʼlim sohasi va harbiy oliy taʼlim muassasalariga tatbiq etilmaydi. 4. Kechki (smenali) taʼlimga talabalarni qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi. 5. Kechki (smenali) taʼlimda oʻqish muddati — kamida 4,5 yil. 6. Kechki (smenali) taʼlimga kirgan shaxslarga talabalik guvohnomasi va reyting daftarchasi bepul beriladi. 7. Kechki (smenali) taʼlim talabalarini oʻquv-metodik adabiyotlar, oʻquv-metodik hujjatlar, tarqatma materiallar bilan oliy taʼlim muassasasi taʼminlaydi va bilim olish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi. 8. Kechki (smenali) taʼlim talabalari oliy taʼlim muassasasining barcha oʻquv jihozlari, auditoriyasi, laboratoriyasi, kutubxonasi, axborot-resurs markazlari hamda oʻquv-yordamchi tuzilmalari xizmatidan bepul foydalanadi. 9. Kechki (smenali) taʼlimda oʻqish boʻyicha oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklariga qarab bir oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan talabalar soni nisbati kunduzgi taʼlim bilan bir xil nisbatda belgilanadi. 10. Kechki (smenali) taʼlim talabalarini talabalar safidan chetlashtirish va oʻqishini qayta tiklash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi. 11. Kechki (smenali) taʼlimdan sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimga hamda kechki (smenali) taʼlimning bir taʼlim sohasidan ikkinchisiga koʻchirishga yoʻl qoʻyilmaydi. 12. Kechki (smenali) taʼlimda oʻquv jarayoni taʼlim sohalarining davlat taʼlim standartlari va tegishli taʼlim yoʻnalishlari malaka talablari asosida tayyorlangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan kunduzgi taʼlim uchun tasdiqlangan oʻquv rejasi va fan dasturlari asosida tashkil etiladi. 13. Kechki (smenali) taʼlim taʼlim yoʻnalishlarining ishchi oʻquv rejasi va fan dasturlari belgilangan tartibda tasdiqlangan oʻquv rejasi va fan dasturlari asosida ishlab chiqiladi hamda tayanch oliy taʼlim muassasalari bilan kelishgan holda tasdiqlanadi. 14. Kechki (smenali) taʼlimda oʻquv jarayoni jadvali belgilangan tartibda tasdiqlangan oʻquv rejasi asosida ishlab chiqilgan ishchi oʻquv rejasi tarkibida qayd etiladi. 15. Kechki (smenali) taʼlimda oʻquv jarayoni bir oʻquv yilida ikki semestrli boʻlib, oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish kunduzgi taʼlim bilan bir xil tartibda tashkil etiladi. 16. Kechki (smenali) taʼlim talabasi tasdiqlangan ishchi oʻquv rejasidagi barcha oʻquv fanlarini oʻzlashtirishi shart. 17. Kechki (smenali) taʼlimda oʻqish odatda kunduzgi smena mehnat faoliyatidan keyingi vaqtda auditoriya mashgʻulotlari (maʼruza, amaliy, laboratoriya) shaklida hamda talabalarni asosiy ish joyidan ajralmagan holda mustaqil, jumladan, masofadan turib oʻqitish shaklida amalga oshiriladi. 18. Oʻquv mashgʻulotlari oliy taʼlim muassasasi hamda professor-oʻqituvchilarning vaqt va imkoniyatlarini inobatga olgan holda talabalarning mehnat faoliyati smenasiga muvofiqlashtirilib kunning birinchi yarmida ham tashkil qilinishi mumkin. Bunda mazkur talabalar soni akademik guruh shakllantirish darajasida boʻlishi lozim. 19. Kechki (smenali) taʼlimda oʻqish (kunduzgi taʼlimdan farqli ravishda) bir haftada, odatda, besh kun amalga oshiriladi va haftalik oʻquv soati hajmi 20 akademik soat qilib belgilanadi. 20. Kechki (smenali) taʼlimda maʼruza oʻqish, amaliy, laboratoriya va seminar mashgʻulotlarini oʻtkazishda ilgʻor usul va texnologiyalardan (jumladan, muammoli, interaktiv, ijodiy faoliyatni rivojlantirish, ijodiy vazifalarni guruh boʻlib yechish, hamkorlik pedagogikasi, tabaqalashtirish, individuallashtirish va boshqalardan) foydalaniladi. 21. Kechki (smenali) taʼlimda talabalar bilimini baholash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 22. Kechki (smenali) taʼlimda oraliq va yakuniy baholash turlari joriy qilinadi. Oʻquv fanining oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqib joriy baholash turi joriy qilinishi mumkin. Oraliq ish mazmuni, uni bajarish usul va tartiblari har bir fan boʻyicha tayyorlangan ishchi fan dasturlarida belgilab beriladi va quyidagi mustaqil ish turlaridan iborat boʻladi: kurs (loyihasi) ishi; nazorat savollari va topshiriqlari; test-sinov savollari; keyslar, mashqlar, misol va masalalar; tajriba natijalari; ishlab chiqarish muammolarini yechishga yoʻnaltirilgan maxsus metodik ishlanmalar va tavsiyalar; hisob-jadval ishlari va boshqalar. 23. Kechki (smenali) taʼlim talabalarining malakaviy amaliyotlari oʻquv rejasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Odatda, bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyotidan boshqa amaliyotlar (taʼlim yoʻnalishiga mos boʻlgan holda) talabaning ishlab turgan ish joyida mustaqil ravishda oʻtkaziladi. Bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyoti talabaning ish joyi taʼlim yoʻnalishiga mos boʻlmagan holda, shuningdek, ishlamayotgan talabalar uchun barcha malakaviy amaliyotlar oliy taʼlim muassasasi tomonidan belgilangan obyektda belgilangan tartibda oʻtkaziladi. 24. Muayyan kursdagi fanlarni toʻliq oʻzlashtirgan talaba oliy taʼlim muassasasi rektori buyrugʻi bilan keyingi kursga oʻtkaziladi. 25. Uzrli sabablar (kasallik, tabiiy ofat, xizmat safari, ogʻir oilaviy ahvol va boshqalar) tufayli muayyan kursdagi fanlarni belgilangan muddatlarda oʻzlashtira olmagan talabalarga muddati qoʻyilgan shaxsiy jadval beriladi. Shaxsiy jadval tegishli prorektor tomonidan tasdiqlanadi, undagi muddat navbatdagi oʻquv yiliga oʻtmasligi lozim. Shaxsiy jadvalni belgilangan muddatda bajara olmagan talaba qayta oʻqish uchun kursda qoldiriladi. Talaba birinchi kursning birinchi semestridagi akademik qarzdorlikni belgilangan muddatda bartaraf etmagan taqdirda, talabalar safidan chetlashtiriladi, kasallik tufayli akademik taʼtil berilgan holatlar bundan mustasno. 26. Kechki (smenali) taʼlimda har bir talaba uchun shaxsiy varaqa ochiladi hamda unda oliy taʼlim muassasasidagi faoliyatning toʻliq monitoringi yuritilib, quyidagi maʼlumotlar aks ettiriladi: oraliq ishlarining bajarilishi; oraliq va yakuniy baholashlar natijalari; davlat attestatsiyasi baholari; bitiruv malakaviy ishi boʻyicha baho; kursdan kursga oʻtganligi. 27. Kechki (smenali) taʼlimda masofadan turib oʻqitish talabalarning asosiy ish joyidan ajralmagan holda oʻquv rejasidagi barcha fan dasturlarida belgilangan bilimlarni mustaqil masofadan turib oʻzlashtirish asosida amalga oshirilishi mumkin. 28. Masofadan turib oʻqitish on-layn (masofadan turib real vaqt rejimida videomaʼruzalar, konsultatsiyalar, nazorat turlarini oʻtkazish) va off-layn (masofadan turib oʻqitish tizimidagi tegishli oʻquv-metodik resurslarni mustaqil ravishda oʻzlashtirish) rejimlarida tashkil etiladi. 29. Masofadan turib oʻqitish jadvali oʻquv-metodik boʻlim (boshqarma) boshligʻi tomonidan belgilanadi. 30. Kechki (smenali) taʼlimda masofadan turib oʻqitish elementlaridan foydalanganda oʻquv kurslarining sifati va samaradorligining doimiy nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Masofadan turib oʻqitishning texnik taʼminoti oliy taʼlim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi. 31. Kechki (smenali) taʼlimda masofadan turib oʻqitish elementlarini joriy etish dasturiy platformasi, reglamenti va tartiblari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi. 32. Kechki (smenali) taʼlimda taʼlim faoliyatini amalga oshiruvchi kafedralar professor-oʻqituvchilari masofadan turib oʻqitishda oʻquv materiallari, topshiriqlar va maslahat-konsultativ ishlarini oliy taʼlim muassasasi saytidagi “Kechki (smenali) taʼlim” sahifasiga joylashtiradi va ularning bajarilishini nazorat qilib boradi. Masofadan turib oʻqitish elementlaridan foydalangan xolda taʼlim beruvchi professor-oʻqituvchilar uchun oʻquv yuklamasi belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 33. Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi, oʻquv-metodik boʻlim (boshqarma) boshligʻi va tegishli kafedra mudiri kechki (smenali) taʼlimda masofadan turib oʻqitish amalga oshirilishini taʼminlaydi. Masofadan turib oʻqitishda oʻquv-metodik jarayonni takomillashtirish va ilmiy-metodik masalalar oliy taʼlim muassasasi oʻquv-metodik kengashi yigʻilishida muhokama qilib boriladi. 34. Kechki (smenali) taʼlimda davlat attestatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi. 35. Davlat attestatsiyalari oʻquv rejasida koʻrsatilgan fan (fanlar majmuasi) boʻyicha oʻtkaziladi. 36. Bitiruv malakaviy ishi oliy taʼlim muassasasi bakalavriatida oʻqitishning yakuniy bosqichi hisoblanadi va kechki (smenali) taʼlimda bitiruv malakaviy ishi mavzusi va mazmuni asosan talabalarning amaliy faoliyati bilan bogʻliq holda shakllantiriladi. 37. Kechki (smenali) taʼlimda taʼlim yoʻnalishi ishchi oʻquv rejasini toʻliq bajargan, yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchiga Davlat attestatsiya komissiyasining qarori asosida “bakalavr” darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi bakalavr diplomi ilovasi bilan beriladi. 38. Kechki (smenali) taʼlim oʻquv-metodik boʻlim (boshqarma) boshligʻi tomonidan tegishli taʼlim yoʻnalishlari dekanlari bilan birgalikda boshqariladi. 39. Kechki (smenali) taʼlim tashkil etilgan oliy taʼlim muassasalarida oʻquv-metodik boʻlim (boshqarma) tarkibida kechki (smenali) taʼlim uchun oʻquv-metodik ishlar boʻyicha qoʻshimcha metodist lavozimlari joriy etiladi. 40. Oʻquv-metodik boʻlim (boshqarma) boshligʻi: kechki (smenali) taʼlimni rivojlantirish dasturini ishlab chiqadi; ish beruvchilar, davlat va jamoat organlari, taʼlim tizimini boshqaruvchi organlar, tashkilotlar, muassasalar, korxonalar bilan oʻzaro aloqalarni amalga oshiradi, talabalarning malakaviy amaliyotlari boʻyicha shartnomalarini rasmiylashtiradi; oʻqitishning yangi texnologiyalari tatbiq qilinishini va talabalar oʻzlashtirishi nazorat qilinishini taʼminlaydi; talabalar bilan oʻquv va tarbiyaviy ishlar olib borish samaradorligini oshirish choralarini koʻradi; mehnat muhofazasi, texnika va yongʻin xavfsizligi boʻyicha tadbirlarni, boʻlim xodimlarining ichki tartib va mehnat intizomi qoidalariga rioya qilishini tashkil etadi; oʻquv jarayonini taʼminlaydigan professor-oʻqituvchilarning oʻquv-metodik, ilmiy ishlarini rejalashtiradi, tashkil etadi va muvofiqlashtiradi; oliy taʼlim muassasasi ilmiy kengashi majlislarida, rektoratda, fakultet va kafedralarda kechki (smenali) taʼlim manfaatlarini oʻz vakolati doirasida himoya qiladi va amalga oshiradi; kechki (smenali) taʼlim masalalari boʻyicha oliy taʼlim muassasasining boshqa tuzilmalari bilan oʻzaro aloqasini taʼminlaydi. 41. Kechki (smenali) taʼlim maʼmuriy boshqaruv jihatdan oliy taʼlim muassasasi rektoriga hamda oʻquv va ilmiy-metodik ishlar yuzasidan oliy taʼlim muassasasi oʻquv va ilmiy ishlar boʻyicha prorektorlariga boʻysunadi. 42. Kechki (smenali) taʼlim bilan bogʻliq xarajatlar oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari (toʻlov-kontrakt mablagʻlari) hisobidan amalga oshiriladi. 43. Ushbu Nizomda qayd etilgan masalalar yuzasidan kelib chiqadigan nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi. OLIY TAʼLIM MUASSASASIDA SIRTQI (MAXSUS SIRTQI) VA KЕCHKI (SMЕNALI) TAʼLIMNI TASHKIL ETISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMLARNI TASDIQLASH HAQIDA  

Institut matbuot kotibi Jahongir Tulakov