Sharof Rashidov ona yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona mehnat qildi. U nafaqat davlat arbobi, balki o‘zining yuksak badiiy asarlari bilan xalqimiz qalbidan chuqur joy oldi.  Joriy yilning 28 oktyabr  kuni  Jizzax politexnika institutining majlislar zalida Rossiya Federatsiyasining taniqli yozuvchisi Fyodor Razzakov qalamiga mansub “Spasti Sharof Rashidova” romanining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Anjumanni “Istiqlol avlodi” ijtimoiy axborot markazining direktori Nazifa Kamolova kirish so‘zi bilan ochib, viloyat hokimining o‘rinbosari Eshtemir Ismatovga berdi. Notiq o‘z chiqishida buyuk xalqparvar inson Sharof Rashidovning vatanimiz oldidagi yuksak xizmatlarini alohida ta’kidladi. Ulug‘ insoniy fazilatlari bilan uning nomi hozirgi va kelgusi avlodlar qalbida mangu barhayot qolishini aytdi.

Kitob muallifi Fedor Razzakov o‘z so‘zini “Men o‘zbek farzandiman. Shu gullagan, inson qadri har nimadan yuksak qadrlanadigan buyuk yurtda tug‘ilib o‘sganman. Shuning uchun O‘zbekiston haqida, Sharof Rashidov dovrug‘ini olamga yoygan o‘zbek farzandlari haqida yozishni meni voyaga yetkazgan xalq oldidagi ham o‘g‘lonlik, ham adiblik burchim deb bilaman” – degan so‘zlar bilan boshladi. “Sharof Rashidov o‘zining xalqchilligi, yuksak salohiyat bilan nafaqat sobiq ittifoqda, balki jahon miqyosida tanilgan davlat arbobi, atoqli yozuvchi edi” dedi o‘z so‘zida muallif.   Tadbirda mehnat faxriysi Abdulla Qarshiboyev, viloyat ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xolmatov, O‘zbekiston Milliy universitetining professorlari Zamira Ishonxodjayeva, Olga Kobziyeva, iqtisod fanlari doktori, professor Lola Ziyodullayevalar o‘z chiqishlarida Sharof Rashidovning mamlakatimizda ilm-fan, adabiyotni rivojlantirish borasidagi ulkan xizmatlarini qayd etishdi. Tadbir yakunida Jizzaxdagi Sharof Rashidov nomidagi muzey direktori Odiljon Hamroqulov kitob muallifi va uning oila a’zolariga jizzaxliklarning esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Институт Ахборот Хизмати