Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy va investitsiya salohiyatini virtual makonda keng targ‘ib etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi. Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy va investitsiya salohiyatini keng targ‘ib etishni ta'minlash, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining virtual makondagi faolligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan “Investitsiya portali” tashkil etilgan. “Investitsiya portali”da joylashtiriladigan ma'lumotlar va ularni taqdim etib borishga mas'ul bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxati, hamda ma'lumotlarni taqdim etish jadvali tasdiqlanadi. Vazirlik, idora, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga o‘zbek, rus va ingliz tillarida taqdim etib borilishi ta'minlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi taqdim etilgan ma'lumotlar asosida “Investitsiya portali”ni muntazam ravishda yangilab borishni ta'minlaydi. Vazirliklar, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari o‘zlarining idoraviy veb-saytlarini: bir oy muddatda qayta ko‘rib chiqilishi va ularda “Iqtisodiy va investitsiya salohiyati” bo‘limini tashkil etilishini; kamida o‘zbek, rus va ingliz tillarida yuritilishini; O‘zbekiston Respublikasining investitsion va iqtisodiy salohiyatini namoyish etishda “Investitsiya portali” bilan uzviy bog‘liqligini ta'minlaydi.