Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi 5308-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturi”ning 172-bandida “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilangan.   Shu munosabat bilan bugun – 11 oktyabr kuni Jizzax politexnika institutida O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunining yangi tahrirdagi loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi, pedagogika fanlari doktori Odina Jamoliddinova so‘zga chiqdi. Notiq o‘z so‘zida “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi haqida batafsil tushuncha berdi. Jizzax politexnika va Jizzax davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari taqdimot yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, takliflarini bildirishdi. Notiq ularning savollariga batafsil javob qaytardi. Ishchanlik ruhida o‘tgan muloqot davomida bildirilgan takliflar yangi tahrirda o‘z ifodasini topishi aytib o‘tildi.

Институт Ахборот Хизмати