Rektor tabrigi

Rektor tabrigi

JIZZAX POLITEXNIKA INSTITUTI JAMOASI A’ZOLARIGA YANGI YIL TABRIGI

Hurmatli hamkasblar !

Aziz talabalar !

26 dekabr kuni Jizzax politexnika institutida yangi yil tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda institut rektori A.Usmankulov nutq so‘zladi.

O‘lkamizda YAngi yil shodiyonalari davom etayotgan quvonchli damlarda Siz azizlarni kirib kelayotgan yangi – 2019 yil bilan muborakbod etishdan, Sizlarga, oila a’zolaringizga chin dildan ezgu niyatlarimni izhor etishdan baxtiyorman.

Kuzatayotgan yilimizni ko‘p ming kishilik jamoamiz ahli uchun hech mubolag‘asiz samarali bo‘ldi, deb ishonch bilan ayta olamiz.

Zero, 2018 yilda institutimizning, jamoada faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilarning chet ellardagi mashhur oliygohlar bilan hamkorligi, o‘zaro aloqalari keskin rivojlandi. Bugunga kelib institutimiz 35 dan ortiq oliygoh bilan yaqin aloqada faoliyat yuritmoqda. 11 ta xorijiy oliygohlar bilan turli mavzularda, o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzilib, amaliy ishlar qilinayotgani, bu ishlarda jamoamiz a’zolarining faol ishtiroklari barchamizga xush kayfiyat bag‘ishlaydi.

Xususan, Jaxon banki tomonidan e’lon qilingan “Akademik innovatsiyalar granti” tanlovida olimlarimiz S.Tavboev, S.Sattorov, E.Murtazin va A.Solievlar tomonidan tayyorlangan “Elektronika bo‘yicha kasbga yo‘naltirish markazi va o‘quv-ilmiy laboratoriya ochish” mavzusidagi ilmiy ish yuzasidan 100 ming AQSH dollari miqdoridagi grant yutib olingani institutimiz jamoasi uchun katta muvaffaqiyat bo‘ldi. O‘tayotgan yilda ERASMUS+ dasturi bo‘yicha bajarilayotgan “INTRAS” loyihasida qatnashayotgan Saloxiddin Usmanov, Jamshid Abdunazarov va Sirojiddin Jiyanboevlar Polshada bo‘lishib, hamkorlarimiz bilan loyiha yuzasidan ilmiy ishlarini davom ettirishdi. SHuningdek, p.f.n, dots. Usmanov Saloxiddin Aliqulovich, t.f.n., Abdunazarov Jamshid Nurmuxammadovich, t.f.n. Djiyanboev Sirojiddinlar Polsha davlatida Gdansk texnologiya universitetida 26 oktyabrdan 3 noyabrga qadar Intras loyihasi ijrochilari seminarida qatnashib kelishdi.

“Menejment” kafedrasi o‘qituvchisi Dilafruz Saidaxmedova, “Engil sanoat” kafedrasi o‘qituvchisi Xurram Olloyorovlar Hindiston tadbirkorlikni rivojlantirish institutida, “Elektroenergetika” kafedrasi o‘qituvchisi Baxodir Narimonov Maskva energetika universitetida o‘z bilim saviyalarini oshirdilar. Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i T.Berdiyorov esa Xitoyning SHenyan pedagogika institutida malaka oshirib keldi. Bundan tashqari U 8-12 oktyabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib, xamkorlik aloqalarini o‘rnatish va ERASMUS+ dasturi doirasidagi seminarda ishtirok etib keldi.

Joriy yilda institut professor-o‘qituvchilaridan O.Qo‘ychiev, M.Anorboev, A.Parsaxonov, N.Saidahmedova, O.Abdullaev, O.Abdullaev, M.Mirzabekov, SH.Xudoyorov, O.Adilov, S.Tavboev, B.Ergashevlar tomonidan 11 ta patent guvohnomalari olindi.

2018 yilda jami 18 nafar professor-o‘qituvchi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, malaka oshirish maqsadida chet el mamlakatlarida bo‘lishgani hamkorlik aloqalarimizni naqadar rivojlanib borayotganining yaqqol dalilidir. Ayni paytda 12 nafar talabamiz xorijdagi oliygohlarda tahsil olishmoqda.

Xalqaro hamkorlik aloqalarining eng muhimi va ta’bir joiz bo‘lsa asosiysi Rossiya federatsiyasining qator oliygohlari bilan tuzilgan shartnomalar va memorandum bo‘lganligidan xabaringiz bor. YA’ni o‘tgan yili 6 kishilik delegatsiyamiz a’zolari Moskva davlat avtomobil va yo‘llar texnika universiteti, Ivanova kimyo va texnologiya universiteti, Moskva davlat qurilish universiteti, Moskva elektroenergetika universiteti, Buaman nomidagi Moskva texnika universiteti, Sankt Peterburg politexnika universitetida bo‘lishib, hamkorlik aloqalari va memorandum tuzib kelishdi. Memorandumda professor-o‘qituvchilarning almashinuv dasturlari, magistratura, doktorantura va hamkorlikdagi ilmiy va o‘quv ishlarini mustahkamlash borasida kelishuvlar bo‘ldi va ayni paytda amaliy ishlar boshlab yuborildi. Jumladan, kuzatayotgan yilimizda hamkorlik shartnomasi doirasida Maskva energetika institutining “Radiotexnik tizimlar” kafedrasining dotsenti Kulikov Roman Sergeevich, “Radiotexnik qurilmalar va antenna tizimlari” kafedrasining dotsenti Mixaylov Mixail Sergeevichlar institutimizning “Radioelektronika” kafedrasiga tashrif buyurishdi. Ular talabalarga o‘z mutaxassislari bo‘yicha ma’ruzalar o‘qishib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishdi.

Ayni paytda Jizzax politexnika instituti qoshida ochilgan Rossiya federatsiyasi oliygohlarining to‘rtta tayyorlov kursida 100 nafardan ziyod tinglovchi o‘qiyapti.

Qadrdon jamoamizda dunyoning mashhur oliygohlari bilan bo‘layotgan bu qadar yaqin aloqalar professor-o‘qituvchilarning ilmiy izlanishlari, fan-texnika sohasidagi yutuqlari, talabalarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishlarida o‘z samarasini berishi tabiiy. Bu haqda gapirganda avvalo professor-o‘qituvchilarimizning tarkibi yil sayin yaxshilanib, ilmiylashayotganini, iqtidorli talabalar safi kengayib borayotganligini ta’kidlash darkor.

O‘tayotgan yilda institutimiz olimlarining o‘ndan ziyod yuqori impakt faktorli jurnallarda ilmiy maqolalari chop etildi. Dotsentlar A.Usmankulov, O.Adilovlar tomonidan “Materiallar qarshiligi” fanidan o‘quv qo‘llanmasi yaratilib uning birinchi qismi chop etildi. “Informatika va informatsion texnologiyalar” kafedrasi o‘qituvchisi J.Axmedov va boshqalar tomonidan “Pedagogika” fani bo‘yicha o‘quv qo‘llanmasi va dotsent S.Usmanovning “Texnik tizimlarni boshqarish” fanidan  darsliklari yaratildi. Dotsentlar N.Saidaxmedova va B.Kattakishievlarning  “Iqtisodiyot va menejment” fani bo‘yicha yaratgan o‘quv qo‘llanmasi chop etilishi arafasida. Institut professor o‘qituvchilari S.Sattorov, O.Abdullaev, J.Bobonazarova, G‘.SHertoyloqov va N.Saidahmedovalar tomonidan 5 ta monografiya yaratildi.

Ustozlarimizdan Normurod Tangyarikov texnika fanlari doktori, Oltinbek Abdullaev esa iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo‘ldilar. O‘qituvchilardan Bunyod Nosirov, Hulkar Xoliqulovalar esa falsafa doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildilar. Bevosita yangi yil arafasida esa yana ikki nafar o‘qituvchimiz – Umirzoq YArlaqabov hamda Ixtiyor Asqarovlar falsafa doktori ilmiy darajasiga munosib, deb topildilar.

O‘zbekiston respublikasi talabalarining fan olimpiyadasida talabalarimizdan Bolbek Qurbonboev “Gidravlika” fani bo‘yicha 2-o‘rinni, SHoxrux Ibragimov “Avtomabilsozlik va traktorsozlik” fanidan 3-o‘rinni, Xasan Davlatov esa “Vintilyasiya va havoni konditsiyalash” fanidan 3-o‘rinni egallashdi. Institutdagi 4 nafar talabamiz nomli stipendiyalar sohibi bo‘ldilar.

Oliygohda tashkil etilgan “YUmoristlar” jamoasi “Quvnoqlar va zukkolar” Respublika ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi, hamda chorak final bosqichida faol ishtirok etib, yarim final bellashuvlarida ishtirok etdilar. “Ibrat” talaba-teatr studiyasi esa oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovning hududiy saralash va yarim final bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, “Eng dolzarb mavzuning talqini” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib, deb topildi va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Hurmatli ustozlar !

Aziz talabalar !

O‘tayotgan 2018 yilni jamoamiz ahli uchun chet el oliygohlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash va takomillashtirish yili bo‘ldi, deb bemalol ayta olamiz. Bu kabi muvaffaqiyatlar respublika Prezidentining, hukumatining oliy ta’lim muassasalariga bo‘lgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasidandir. Xususan, institutimiz jamoasi uchun o‘qish, ishlash, ilm-fan sohasida izlanish, kerak paytda dam olish uchun yaratib berilayotgan barcha shart-sharoitlar bizni yanada samarali mehnat qilishga da’vat etadi.

Siz azizlarni yana bir bor kirib kelayotgan yangi – 2019 yil bilan tabriklayman. Sizlarga, oilangiz a’zolariga sog‘lik-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga qut-baraka tilayman.

Yangi yilingiz qutlug‘ bo‘lsin !